Qadrli vatandoshlar! Hukmingizga Imom Al-Buxoriyning sahih hadislar kitobidagi hadislardan berishda davom etamiz. Bu sahifada 11-20 sonlilari bilan tanishasiz. Islomda eng afzal amal qaysi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Hadis ilmi hammamiz uchun zarur bo‘lgan bilim sanaladi.
5-bob
Islomda eng afzal amal qaysi?
11-hadis
Rasululloh (sav)dan so‘radilar:”Yo Rasululloh, musulmonlarning afzali qaysi kishidir?”. U zot (sav) “qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonlar ozor topmagan kishidir”, — deb javob berdilar.
6-bob
Ochlarni to‘yg‘azish islomdandir
12-hadis
Rasululloh (sav)dan so‘radilar: “Qaysi xislat islomda eng yaxshidir?”. Aytdilar: “Ochlarlarga taom berishing, tanigan-tanimaganga salom berishing” (yana q. 28, 6236).
7-bob
13-hadis
“O‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsani birodaringizga ravo ko‘rmagunizcha hech biringiz chinakam musulmon bo‘la olmaysiz”.
8-bob
Sevishlik imondandur
14-hadis
Rasululloh (sav) aytganlar: “Toki meni otangizdan ham, bolangizdan ham,barcha odamlardan yaxshiroq ko‘rmas ekansiz, birortangiz mo‘min bo‘lolmaysiz”.
15-hadis
Anas (rz.) rivoyat qiladilar: “Rasululloh(sav): ”Meni otangizdan ham, bolangizdan ham yaxshi ko‘rmas ekansiz, birortangiz mo‘min bo‘lolmaysiz” – dedilar”.
9-bob
Imon halovatiga erishmoq
16-hadis
Rasululloh (sav) aytganlar: “Kimda quyidagi uch xislat bo‘lsa, unga imon huzur-xalovat baxsh etadi:
— Alloh va Rasulini hammadan ko‘ra yaxshi ko‘rmoq;
— yaxshi ko‘rgan kishisini faqat Allohni deb (Alloh yaxshi ko‘rgani uchun) yaxshi ko‘rmoq;
— kufrga qaytishni go‘yo olovda kuyadigandek yomon ko‘rmoq (yana q. 21, 6041, 6941).
10-bob
Ansorlarni yaxshi ko‘rish kishi imonining mukammalligi alomatidir
17-hadis
Rasululloh (sav) aytganlar: “Ansorlar (madinalik musulmonlar)ni yaxshi ko‘rmoq imon alomatidir, yomon ko‘rmoq munofiqlik belgisidir” (yana q. 3784).
11-bob
Rasululloh (sav) nasixatlari
18-hadis
Bir qancha sahobalar o‘rtasidasida Rasululloh (sav) aytdilar: “Allohni bir deb bilamiz, unga shirk keltirmaymiz, o‘g‘rilik qilmaymiz, zino qilmaymiz, farzandlarimizni o‘ldirmaymiz, tuhmat qilmaymiz (zino va boshqa narsalar xususida), shariyat amriga itoat qilamiz, deb menga so‘z beringiz. Kimki ushbu so‘zlarga vafo qilsa, Alloh yarlaqaydi, ammo kimki ushbu og‘ir gunohlardan birortasini qilib qo‘ysa va u bu dunyoda jazolansa, o‘sha jazo unga kafforatdir (oxiratda qayta jazolanmaydi). Kimki shu gunoxlardan birortasini qilsa-yu, Alloh yashirgan bo‘lsa, bu o‘ziga havoladir, xohlasa kechiradi, xohlasa azoblaydi”. Sahobalar: “Shunga so‘z berdik” – deb bay’at (qasamyod) qildilar (yana q. 3892, 3893, 3999, 4894, 6784, 6801, 6873, 7055, 7199, 7213, 7468).
12-bob
Fitnadan hazar qilmoq dindandir
19-hadis
Rasululloh (sav) aytdilar: “Shunday davrlar keladiki, musulmon o‘z dinini asrash maqsadida tog‘u toshlarga qo‘y haydab chiqib ketishni afzal ko‘rsa, ajab emas” (yana q. 3300, 3600, 6495, 7088).
13-bob
Rasululloh (sav)ning “Men hammalaringizdan ko‘ra Allohni yaxshiroq bilaman” deganlari hamda Alloh taoloning “Alloh sizlarni (tilingiz uchida aytgan) behuda qasamlaringiz uchun javobgar qilmaydi. Balki, dillaringiz kasb etgan narsa (qasamlaringiz) uchun javobgar qilur” (“Baqara” surasi, 225-oyat) degan oyati karimasi haqida
20-hadis
Oysha onamiz aytganlar: “Rasululloh (sav) sahobalariga qudrati yetadigan ishni buyurgan edilar, sahobalar: “Biz siz singari emasmizku, Alloh sizning ilgarigi va kelgusi gunohlaringizni kechirgan (shuning uchun ham bizga ko‘p ish buyuravering, — dedilar. Rasulullohning g‘azablari kelgani yuzlaridan bilindi: “Oralaringizda eng taqvoliroq va Allohni taniydiganroq kishi menman”,- deb javob qildilar.
