Imonga doir amallar. Al-Buxoriyning sahih hadislar to‘plami 8-10

imonga doir amallar

E’tiboringizga Imom Al-Buxoriyning sahih hadislar to‘plamidan lavhalar berishda davom etamiz. Bu sahifada imonga doir amallar bilan tanishasiz. Hadis ilmi hammamiz uchun kerakdir.

BISMILOHIR RAHMONIR RAHIM

Imon kitobi

1-bob

Imon (ning ko‘payib ozayib turishi) haqida

Rasululloh (sav)ning so‘zlari bo‘yicha, Islom 5 rukn (ustun) uzra qurilgan. Imon so‘zda ham, amalda ham bo‘lishi kerak. Imon ko‘payadi va kamayadi.

Dalili: Alloh taolo Qur’oni karimda: “U (Alloh) o‘z imonlariga yana imon qo‘shilishi uchun mo‘minlarni dillariga taskin tushirgan zotdir” (“Fath” surasi, 4-oyat). ”Hidoyat topgan zotlarga esa (Alloh) ularga yanada hidoyatni ziyoda qilur va taqvo ato etur” (“Muhammad” surasi 17-oyat), — deb aytgan Rasululloh (sav)ning “Allohni deb yaxshi ko‘rish va Allohni deb yomon ko‘rish imondadir”, degan so‘zlari ham imonning ziyoda bo‘lishi va kamayishini anglatadi.

Xalifa Umar ibn Abdulaziz Adiy ibn Adiyga bunday deb yozgan: ”Albatta, imonning ham o‘z farz va amallari, muayyan chegaralari, bajarilishi lozim bo‘lgan sunnatlari mavjuddir. Demak, kimki bularga to‘liq rioya qilmasa, imoni sust bo‘ladi. Agar umrim uzoq bo‘lsa, sizlarga bilib olishlaringiz uchun bular haqida birma-bir bayon qilarman, basharti vafot etsam, suhbatingizga mushtoqligim yo‘q”.

Sahoba Muoz: “Kel, biz bilan biroz o‘tir, imon haqida so‘zlashaylik!” – deganlar.

2-bob

“Duolaringiz – imonlaringiz”

8-hadis

Ibn Umar aytganlar: “Banda ko‘ngliga kelgan har bir shak-shubhani tark etmaguncha taqvo haqiqatiga yeta olmaydi. Rasululloh (sav): “Islom 5 rukn (ustun) uzra qurilgandir:

1. kalimai shahodat (aytmoq);
2. namoz o‘qimoq;
3. zakot bermoq;
4. haj qilmoq (imkoni bo‘lsa);
5. Ramazon ro‘zasini tutmoq” (yana q. 4514)

3-bob

Imonga doir amallar

Alloh taolo aytadi: “Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlarga burishingiz (ibodat qilishingizni o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado etib, zakotni to‘lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og‘ir-engil kunlarda va tang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik(ahli)dir. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar va taqvodardirlar” (“Baqara” surasi, 177-oyat).

9-hadis

Rasululloh (sav) bunday deganlar: “Imon daraxt yanglig‘ 60 dan ortiq shoxga egadir. Alloh va bandalardan uyalib, gunoh qilmaslik o‘sha shoxlardan bittasidir”.

4-bob

Birovga zarari tegmagan kishi musulmondir

10-hadis

Rasululloh (sav) aytganlar: ”Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi xudo yo‘lida hijrat qilgan kishidir” (yana q. 6484).

*****

Mana shular imonga doir amallar sanaladi.

Avvalhi hadislar

Hadislar 4-7

1 041 марта ўқилди