Imom Al-Buxoriyning sahih hadislar to‘plamidan lavhalar berishda davom etamiz. Bu sahifada 4-7 sonlilari bilan tanishasiz. Unda Abu Sufyon va Hiraql suhbati haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz.
4–hadis
Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriy Rasululloh (sav)ga vahiy kelgan vaqt haqida bunday degan ekanlar: “Men (yani, Janob Rasululloh) yo‘lda ketayotgan edim, nogahon osmondan kelayotgan ovoz qulog‘imga chalindi. Nigohimni yuqoriga qaratgan edim, Hiro g‘orida huzurimga kelgan o‘sha farishta osmon bilan yer o‘rtasida kursi uzra o‘tiribdi. Men undan qo‘rqib (uyga) qaytib keldim-da: “Meni (bir narsa bilan o‘rab qo‘yinglar, o‘rab qo‘yinglar!” – dedim. Shu asnoda Alloh taolo “Muddassir” surasining dastlabki 5 oyatini nozil qildi (“Ey, (liboslariga burkanib olgan kishi (Muhammad)! Turing-da, (insonlarni oxirat to‘g‘risida) ogohlantiring” dan “… yiroq bo‘ling” degan so‘zigacha)”.
Ushbu hadisni Abdulloh ibn Yusuf va Abu Solih ham rivoyat qilishgan. Hilol ibn Raddod uni Zuhriydan eshitib davom ettirgan. Yunus va Ma’mar esa, uning kamchiliklarini to‘ldirgan (yana q. 3238, 4922, 4923, 4924, 4925, 4926, 4954, 6214).
4-bob
5-hadis
Sayd ibn Jubayr aytdilarki, Ibn Abbos Alloh taoloning “(Ey, Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (ko‘p) qimirlatmay qo‘ya qoling” (“Qiyomat” surasi, 16-oyat) degan oyati haqida bunday deb rivoyat qilgan ekan: ”Nabiy (sav) nozil bo‘lgan oyatning mazmunini tezda tushinib olishga harakat qilardilar. Shu sababdan lablarini qimirlatar edilar”. Ibn Abbos yana bunday dedilar: “Men lablarimni, Janob Rasululloh lablarini qanday qimirlatgan bo‘lsalar, shunday qimirlatyapman”. Said: “Men o‘z lablarimni Hazrat Abbos lablarini qimirlatib ko‘rsatyapman”, -dedi. Alloh taolo: “Ey, Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (ko‘p) qimirlatmay qo‘ya qoling. Zero, uni (Sizni dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o‘qisak, Siz ham uni o‘qishga ergashing! (“Qiyomat” surasi, 16-18-oyatlar) degan oyat nozil qildi. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh, Jabroil (as) vahiy keltirsa, avval unga quloq solib, ketganidan keyin u o‘qiganidek takrorlab o‘qir edilar (yana q. 4927, 4928, 4929, 5044, 5724).
5-bob
6-hadis
Ibn Abbos bunday deb rivoyat qiladilar: “Rasululloh (sav) barcha insonlar ichida eng sahovatlisi edilar. Ramazonda Hazrat Jabroil bilan uchrashganlarida sahovatlari yanada ortar edi. Hazrat Jabroil Janob Rasululloh bilan har kecha uchrashib, Qur’onni muzokara qilar edilar. Hazrat Rasululloh xayrli ishda kuchli shamoldan ham tez edilar” (yana q. 1902, 3220, 3554, 4997).
Abu Sufyon va Hiraql suhbati
6-bob
7-hadis
Abdulloh ibn Abbosga Abu Sufyon ibn Harb xabar qildilarki, Hiraql, Quraysh karvoni Shomda savdo qilib turganida, uning huzuriga odam yubordi. Bu vaqt Janob Rasululloh (Abu Sufyon va Quraysh kofirlarini) Iliya (Baytul-Maqdis)da ekanliklarida Hiraql huzuriga bordilar. Hiraql ularni o‘z majlisiga chaqirdi, uning atrofida Rum zodagonlari o‘tirgan edi. Ular bilan bilan tarjimonni ham chorladi-da: ”O‘zini payg‘ambar deb gumon qilayotgan kishiga qaysi biringiz nasab jihatidan yaqinroqsiz?” – dedi.
Abu Sufyon: “Men unga nasab jihatidan yaqinroqdirman” — dedi.
Hiraql: “Uni (Abu Sufyonni) va uning hamrohlarini menga yaqinroq olib kelinglar!” – dedi. Ularni Hiraqlning yoniga olib kelib, turg‘izib qo‘ydilar. Hiraql tarjimonga: Unga (Abu Sufyonga) ayt, men o‘sha (payg‘ambar) haqida so‘ramoqchiman, menga yolg‘on gapirsalar, unga yolg‘on gapirgan bo‘ladilar” – dedi.
Abu Sufyon bunday dedi: “Alloh haqqi, agar mendan yolg‘on talab qilishdan hayo qilmaganlarida edi, hozir men yolg‘on gapirgan bo‘lar edim. U (Hiraql) dastlab mendan Janob Rasulullohning nasablari haqida so‘radi. Men: “U bizning oramizda baland nasab egasidir”, — dedim.
Hiraql: “Undan ilgari shu da’voni (ya’ni payg‘ambarlikni) sizlardan hech kim aytganmidi?” – deb so‘radi. Men: “Yo‘q”, – dedim. U: “Uning ota-bobolari ichida podshoh bo‘lganlar bormi?” – dedi. Men: “Yo‘q”, — dedim. U: “Ularni soni ko‘payyaptimi yoki ozayyaptimi?” – dedi. Men: “Ko‘payyapti”, — dedim.
U: “Uning diniga kirganlardan biror kishi g‘azablanib dindan qaytayaptimi?” – dedi. Men: “Yo‘q”, — dedim. U: “Xiyonat qilarmidi?” – dedi. Men: “Yo‘q, bir qancha muddatdan beri uning qanday ishlar bilan bandligini bilmaymiz” — degan edim, Hiraql gapimni bo‘lib: “Unga qarshi jang qildizmi?” – dedi. Men: “Jang qildik”, — dedim. U: “Qanday qilib jang qildingiz?” – dedi. Men: “O‘rtacha, goh ular bizga, goh biz ularga shikast yetkazardik, ba’zan ular, ba’zan biz g‘alaba qilardik”, — dedim.
Hadisning davomi
Hiraql: “Ular sizlarga nima buyuradi?” – dedi. Men: “Yolg‘iz Allohga ibodat qilishni, unga shirk keltirmaslikni, hatto otalarimiz shirkka da’vat etsa, ularga quloq solmaslikni, namoz o‘qishni, rostgo‘ylikni, pokiza va iffatli, oqibatli, rahm-shavqatli bo‘lmoqni buyuradi”, — dedim. Hiraql tilmoch orqali menga bunday dedi: “Uning nasabini so‘rasam nasabi baland, deb aytding, payg‘ambarlar shunday bo‘ladi. Sizlardan hech kim mundan ilgari mazkur da’vo (payg‘ambarlik da’vosi) bilan chiqqanmi, desam, sen: “Yo‘q”, — deding.
Undan ilgari ham biror kishi shu da’voni qilib chiqqan bo‘lsa, bu odam ilgari aytilgan so‘zga taqlid qilyapti, degan bo‘lar edim. Men sendan: “Uning ota-bobolari ichida podshoh bo‘lganlar bormi?” – deb so‘rasam sen: “Yo‘q”, — deding. Agar ota-bobolari ichida podshoh o‘tgan biror kishi bo‘lganida edi, men: “U o‘sha mulkini talab qilyapti”, — degan bo‘lardim. Men: “Uni dinga da’vat qilmasidan ilgari yolg‘onchilikda ayblarmidingiz?” – deb so‘raganimda, sen: “Yo‘q”, — deding. Men bildimki, u ilgari odamlarga yolg‘on gapirmagan, bunday odam Alloh haqida yolg‘on so‘zlamaydi.
Men sendan: “Unga zodagonlar ergashyaptimi yoki zaiflarmi?” – deganimda, sen: “Zaiflar” – deb aytding. Payg‘ambarlarga doimo zaiflar ergashgan. Men sendan: “Ergashayotganlarning soni ko‘payyaptimi yoki ozayyaptimi?” – deb so‘rasam, sen: “Ular ko‘payyapti”, — deding. Imonning ishi shunday barkamol bo‘ladi.
Men senga: “Uning diniga kirganlar undan g‘azab qilib dindan qaytyaptiimi?” – desam, sen: “Yo‘q”, — deb aytding. Imon, ko‘rkamligi dillarga yoqib qolsa, xuddi shunday doimo barkamol bo‘ladi. Men sendan: “U xiyonat qiladimi?” – deb so‘rasam, sen: “Yo‘q”, — deding. Payg‘ambarlar xiyonat qilmaydi. Keyin sendan: “U sizlarni nimaga buyuradi” — deb so‘radim. Sen: “Allohga ibodat qilishga, unga shirk keltirmaslikka, but(sanam)larga sig‘inmaslikka, namoz o‘qishga, rostgo‘y va iffatli bo‘lishga buyuradi”, — deb aytding.
Hiraqlning savollari
Sening aytganlaring rost bo‘lsa, u kelib, hozir men turgan mana shu joyni oladi. Men yana payg‘ambar chiqishini bilar edim, lekin sizlarni orangizdan chiqishidan bexabar edim. Agar unga ixlos qilolsam, u bilan uchrashish uchun mashaqqat chekishga roziman. Agar uning huzuriga borsam, uning oyoqlarini yuvib qo‘ygan bo‘lar edim”.
Keyin Hiraql Rasululloh dih’ya (sahoba) orqali Busra boshlig‘iga berib yuborgan xatni olib kelishni amr qildi. Uni Hiraqlga uzatdilar, U xatni o‘qib ko‘rdi, unda “Bismillohir Rahmonir Rahim. Muhammad ibn Abdulloh – Allohning Rasulidan Hiraql – Rum boshlig‘iga. Hidoyat yo‘lida yurganlarga Allohning salomi bo‘lsin! Ammo ba’d: seni islomga da’vat etaman, islomni qabul qil, tinch bo‘lasan. Alloh buning uchun senga ikki barobar ajr va savob beradi. Agar undan yuz o‘girsang, bid’atchidek gunohkor bo‘lasan. Ey ahli kitoblar, o‘zaro tenglik kalimasini qabul qilaylik, Allohdan boshqaga ibodat qilmaylik., unga shirk keltirmaylik, bir-birimizni Allohdan o‘zga tangri deb bilmaylik (ya’ni, insonni Alloh darajasiga ko‘tarmaylik), agar yuz o‘girsalar, guvoh bo‘linglarki, biz musulmonmiz”.
Abu Sufyon bunday deydi: “Hiraql so‘zini tugatgach va Janob Rasulullohning nomalarini o‘qib bergach, uning huzuridagilar shovqin-suron ko‘tarishib, bizni tashqariga haydab chiqarishdi. Men hamrohlarimga: :Ibn Abu Kabshaning aytgani rost chiqdi. U: “Bani al-Asfar (rumliklar) podshohi payg‘ambarlardan qo‘rqadi”, — deb aytgandi. Men islomga kirmasimdan avval payg‘ambar chiqishiga ishonar edim”, — dedim”.
Iliya hokimi Ibn an-Nozir va Shom xristianlarining usqufi (episkopi) Hiraql bunday deyishar edi: “(Hukmdor) Hiraql Iliyaga kelganida badhulq bo‘lib qoldi. Unga batriqlari (patriyaxlari): “Sening turqingni yoqtirmayapmiz” – deyishdi.
Ibn an-Nozir bunday deydi: “Hiraql yulduzlar ilmidan xabardor bo‘lib, ularni kuzatar edi. Undan bu borada so‘rashganda, u: “Men bu kecha yulduzlarni kuzatganimda xatna podshohi ko‘ringanini his qildim, bu xalq orasida xatna qiluvchilar paydo bo‘ldi”, — dedi.
Ibn an-Nozir nima deydi?
“Parvo qilma yahudiylardan boshqalar xatna qilmaydi. Shaharlarga xat yoz, u yerlardagi yahudiylarni o‘ldirsinlar deb maslahat berishdi. Shu payt G‘asson podshohiga Jannob Rasululloh haqlarida xabar olib kelgan kishini Hiraql huzuriga olib kirdilar. Hiraql: ”Borib bilinglarchi, u xatna qilinganmi, yo‘qmi?” – dedi. Payg‘ambar xatna qilingan ekan, deb xabar keltirishdi. Arablardan so‘rashdi , ular ham tasdiqladilar. Shunda Hiraql: “Bu o‘sha yulduzlarni kuzatganimda) paydo bo‘lgan yulduz, mana bu ummat (ya’ni arablar)ning podshohi”, — dedi.
Keyin, Hiraql Rumiyadagi o‘zi kabi bilimdon do‘stiga xat yozdi-da Humsga junadi, u yerga yetib ulgurmay do‘stidan javob maktubi oldi. Unda Hiraqlning payg‘ambar (sav)ning alomatlari haqidagi fikri qo‘llab-quvvatlangan va u zotning haqiqiy payg‘ambar ekanliklari aytilgan edi.
Abu Sufyon va Hiraql suhbati (davomi)
Hiraql Rum zodagonlaridan Xumsda qolishga ijozat so‘radi. Xumsning darvozalari yopilgach, u shahar ahliga: “Ey Rum ahli, sizlar najot va to‘g‘ri yo‘l topmoqchi bo‘lsangiz, davlatingizni ustuvor bo‘lishini istasangiz, o‘sha payg‘ambarga ergashinglar!” – dedi. Shunda ular qulonlardek cho‘chib ketib, o‘zlarini darvozalar tomon urdilar, ammo darvozalarining yopiqligini ko‘rdilar. Hiraql ularning vahimaga tushganini ko‘rib, imon keltirishlaridan noumid bo‘ldi-da: “Ularni qaytaringlar!”, deb amr qildi.
Keyin, “Men sizlarning o‘z diningizga bo‘lgan ixlosingizni sinab ko‘rish uchun shunday degan edim. Men bunga amin bo‘ldim”, — dedi. Shahar ahli unga ta’zim qildilar va undan mamnun bo‘ldilar”.
Bu, Hiraql bilan sodir bo‘lgan so‘ngi voqea edi. Mazkur voqeani Solih ibn Kayson, Yunus va Ma’mar.
Az-Zuhriydan naql qildilar (yana q. 51, 2681, 2804, 2941, 2978, 3174, 4553, 5980, 6260, 7196, 7541).
Ko‘rib turganingizdek, bu Abu Sufyon va Hiraql suhbati haqida edi.
*****
