Assalomu alaykum qadrli do‘stlar. E’tiboringizga Imom Al-Buxoriyning sahih hadislar to‘plami bo‘yicha lavhalar berib boramiz. Ushbu sahifaning pasida keyingi hadislarga havolalar berilgan. Ularni bosib o‘tishingiz mumkin.
Sahih hadislar to‘plami
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIM
1-bob
Rasululloh (sav)ga vahiy kela boshlagani hamda Alloh taoloning “(Ey, Muhammad!) albatta, Biz Nuhga va undan keyingi payg‘ambarlarga vahiy yuborganimiz kabi Sizga ham vahiy yubordik” (“Niso” surasi, 163-oyat) – degan so‘zi xususida.
1-hadis
Yahyo ibn Said rivoyat qiladilar: “Umar ibn al-Xattob minbarda turganlarida: “Rasululloh (sav)ning bunday deganlarini eshitganman”, — dedilar: “Darhaqiqat, barcha amallar niyatga qarab bo‘lur. Har kimning niyati bor.
Kimning niyati hijratdan dunyo topish bo‘lsa, dunyoga erishar, kimning niyati xotin olish bo‘lsa, unga nikohlanadi.
Demak, ne niyatda hijrat qilgan bo‘lsa, o‘sha e’tiborga olinadi”.
2-bob
2-hadis
Horis ibn Hishom (rz.) Rasululloh (sav) dan: “Yo Rasululloh, sizga vahiy qanday keladi?”, — deb so‘radi. Rasululloh (sav): “Menga vahiy, ba’zan qo‘ng‘iroq ovozi yanglig‘ kelardi. Kuchli vahiy kelganda shunday bo‘lardi. Shunda men butun borliqni unutib, vahiy so‘zlarini uqib olardim. Ba’zan esa, inson qiyofasidagi farishta menga vahiy keltirar va men uning aytganlarini yodlab olar edim“, — deb javob qildilar.
Oysha (rz.): “Qattiq sovuq kunlarning birida u zotga vahiy kelganining guvohi bo‘ldim. Shunda u kishi butun borliqni unutgan holatda bo‘lib, peshonalari qattiq terlab ketgan edi”, -deb aytdilar (yana q. 3215).
Keyingi hadislar
3-bob
3-hadis
Urva ibn Zubayr Oysha onamizdan bunday deb naql qiladilar: “Dastlabki vahiy Rasululloh (sav)ga uyqularida sof tush tarzida nozil bo‘lgan edi. Keyin, ne tush ko‘rsalar subhi sodiqdek to‘g‘ri kelaverdi. Shundan so‘ng, Rasululloh yolg‘izlikni xushlaydigan bo‘lib qoldilar. Oilalarini tark etib, yolg‘iz o‘zlari, Hiro g‘orida qatorasiga bir necha tun toat-ibodat qilib chiqar edilar. Shu boisdan ham o‘zlari bilan yegulik olib chiqib ketardilar. Yeguliklar tugagach, Xadichaning huzurlariga kelib, yana taom olib toqqa ketar edilar. Haqiqatga yetishgunlariga qadar bunday holat takrorlanaverdi.
Bir kuni odatdagidek Hiro g‘orida ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tirganlarida huzurlariga bir farishta kelib: ”Iqra’ (o‘qi)!” – deb aytdi. “O‘qiy olmayman”, dedim, — dedilar Rasululloh (sav), — shu payt u meni bag‘riga qattiq bosdi, hatto men xirillab qoldim. Keyin, meni qo‘yib yubordi-da, yana: “O‘qi!” – dedi. Men “O‘qiy olmayman”, — dedim, u meni ikkinchi bor bag‘riga bosdi, so‘ng yana qo‘yib yubordi-da: “O‘qi!” – dedi. Men esa “O‘qiy olmayman”, — deb javob qildim.
U uchinchi marta meni bag‘riga bosdi, men tag‘in xirillab qoldim. Keyin qo‘yib yubordi-da: O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamli zotdir” (Alaq surasi, 1-3 – oyatlar) — dedi”.
Shundan so‘ng Rasululloh (sav) qo‘rquvdan a’zoyi badanlari titrab – qaqshab Xadicha binti Huvaylidning huzuriga keldilar-da: “Meni o‘rab (yashirib) quyinglar, meni o‘rab qo‘yinglar!” – dedilar. Ular Rasululloh (sav)ni qo‘rquvlari tarqalgunga qadar o‘rab qo‘yishdi. So‘ng Xadichaga bo‘lgan voqeani aytib berdilar-da: “Men o‘zimdan xavotir oldim (yani, “Menga biror narsa bo‘lib qolmasaydi” – deb qo‘rqdim”)”, — dedilar. Xadicha (rz.) bunday dedilar: “Yo‘q, mutlaqo unday emas. Xudo haqqi, Alloh taolo sizni hech sharmanda qilmagay, siz qarindosh-urug‘chilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yasiz, og‘irni yengil qilasiz, yo‘qsillarni to‘ydirasiz, mehmon kutgaysiz va haqiqiy ezguliklarning ro‘yobga chiqishiga sayi imdod aylaysiz”.
Vaqara ibn Navfal huzuriga borishlari
So‘ng, Xadicha onamiz Rasululloh(sav)ni o‘zlarining amakivachchaalari bo‘lmish Vaqara ibn Navfal ibn Asad ibn Abduluzzo huzuriga olib bordilar. U kishi johiliya davrida nasroniy dinini qabul qilgan edi. Ibroniycha xat-savodlari bo‘lib, Injildan Alloh taolo istagancha ibroniycha matnlarni ko‘chirib yozar edi. O‘zi keksa va ko‘zlari ojiz edi.
Xadicha (rz.) Varaqaga: “Ey amakimning o‘g‘li, birodaringizning gaplariga quloq tuting!“ – dedilar. Varaqa: “Ey birodarimni o‘g‘li, nimalarni ko‘rdingiz, ayting!” – dedi. Janob Rasululloh nimaiki ko‘rgan bo‘lsalar, birma-bir bayon etdilar. Varaqa Janob Rasulullohga qarab: “Bu, Alloh taolo Muso (as)ga yuborgan o‘sha Jabroilning o‘zginasidir. Koshki edi, men yosh bo‘lsam-u, (islom) diniga da’vat qilmoqda ishtirok etsam, sizni qavmingiz o‘z orasidan quvib chiqargan vaqtda men hayot bo‘lsam!” – deb aytdi. Rasululloh (sav) hayratomuz: “Meni qavmim o‘z orasidan haydaydimi?” – dedilar. Varaqa: “Ha, shunday. Bu vaqtga qadar biror kimsa sizga kelgan narsa (payg‘ambarlik) bilan kelgan bo‘lsa, albatta, unga nisbatan adovatda bo‘lishgan. Sizga Alloh taolo muassar etgan kunlar menga ham nasib etsa, sizga amaliy madad beraman!” – dedi. Lekin,Varaqa ko‘p o‘tmay dorul-fanoga rihlat etdi. Janob Rasulullohga bir muncha vaqt vahiy kelmay qo‘ydi (yana q. 2392, 4953, 4955, 4956, 4957, 6982 hadislar).
Sahih hadislar to‘plami haqida ma’lumotlar berishda davom etamiz.
