Treydingda sirg’aluvchi o’rtalik nima?

sirg'aluvchi o'rtalik nima

Treyding ilmi haqidagi chiqishlarimizni davom ettiramiz. Bugungi mavzu — ruschasiga aytganda «skolzyaщaya srednyaya» haqida bo‘ladi. Uning o‘zbechasi — «sirg‘aluvchi o‘rtalik» deb ataladi. Bu mavjud indikatorlar orasida eng mashhuri hisoblanadi. U orqali narx-navo grafigi «dazmol» qilinadi. Ya’ni tarqalib ketgan ma’lumotlarni bir tizimga solib ixchamlashtirib beriladi. Unga qarab bozorning qaerga ketayotganini aniqlab olish mumkin. Demak, treydingdagi sirg’aluvchi o’rtalik nima ekanligi haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Sirg’aluvchi o’rtalik nima va uning ta’rifi?

Trederlik sohasida sirg‘aluvchi o‘rtalik degani nima o‘zi? U texnik tahlilda uchraydigan shunday bir chiziqku, unda savdosi bo‘layotgan aktivlarning ma’lum bir muddat ichidagi o‘rtacha narxlari ko‘rsatib boriladi. Inglizchasiga Moving Average — MA deb ataladi. Ya’ni, masalan Amazon korxonasining aktsiyalari qaysidir vaqt oralig‘ida ko‘tariladi yoki tushadi. Bu aktsiya shunchalik ko‘p marta tepaga va pastga tushadiki, endi qaerga qarab ketadi, deb aniq aytib bo‘lmaydi. Mana shu paytda o‘sha aktsiya grafigiga sirg‘aluvchi o‘rtalik chizig‘ini tushirsak hammasi yaqqol ko‘rinadi — qoladi. Odatda har bir aktsiyaning o‘sishi yoki kamayishi haqidagi «ilon izi» chizig‘i ko‘p narsalarni aniq aytmaydi. Buni ruschasiga «shum» deyishadi. O‘zbekcha tarjima qilsak «shovqin» degan ma’noni anglatadi.

Ya’ni, o‘sha narx-navoning «o‘ynashi» shunchaklik ko‘p shovqinni keltirib chiqaradiki, treyderlar aktsiyani xarid qilishni yoki sotib yuborishni bilmay qolishadi. Mana shunaqa paytda sirg‘aluvchi o‘rtalik hammasiga oydinlik kiritib beradi. Huddi bir g‘ijim ko‘ylakni dazmol qilib tekislagandek, oldingizda turgan grafikni biror bir mantiq ustida tekislab beradi. Uning har bir nuqtasida ma’lum bir muddatdagi narx haqidagi ma’lumot bo‘ladi. Ushbu muddatni sirg‘aluvchi o‘rtalik vaqti yoki davri (ruschasiga — «period») deb atashadi.

Vaqt va davriylik haqida

Demak, avval vaqt belgilanadi. Masalan, narx har 15 daqiqada o‘zgarmoqda. Yoki 1 soatda, 4 soat, 1 kun, 1 hafta yoki 1 oyda va hokazo. Keyin esa, sirg‘aluvchi o‘rtalik chizig‘iga davriyligi tanlanadi. Odatda, 9, 10, 14, 20, 21, 50, 100 yoki 200 va hokzazo qiymatda bo‘ladi. Bu raqamlar yuqoridagi vaqt oralig‘iga ko‘paytiriladi. Natijada aktsiyaning «sakrayotgan» yoki tushayotgan narxlari «yaponiya shamlari» («yaponskie svechki») yordamida treyderga taqdim etiladi. Agar sirg‘aluvchi o‘rtalikning davriyligini masalan 14 deb va savdo vaqtini 1 soat, deb oladigan bo‘lsak, ko‘z oldimizda 14 ta har biri 1 soatda o‘zgarayotgan «yaponiya shamlari»ni ko‘ramiz.

Qanchalik davriylik katta miqdorda bo‘lsa sirg‘aluvchi o‘rtalik shunchaklik silliqroq bo‘ladi. Agar davriylik kichik muddat bo‘lsa sirg‘aluvchi o‘rtalik judayam sezuvchan «ilon izi» bo‘lib qoladi va narxning har bir «sakrashi»ga qo‘shilib sakraydi. Sirg‘aluvchi o‘rtalik davriyligi shunday tanlanadiki, bir tarafdan narxning tasodifiy «o‘ynashi» e’tiborga olinmaydi. Ikkinchi tarafdan esa, o‘sha narxni muhim o‘zgarishlarini qo‘ldan chiqarmaslik kerak bo‘ladi.

Sirg‘aluvchi o‘rtalik turlari va uning narx bilan kesishuvi

Agar sirg‘aluvchi o‘rtalik chizig‘i narx bilan pastdan tepaga harakatlanayotganda kesishsa — bu sotib olish, deganni anglatadi. Aksincha, kesishuv tepadan pastga qarab bo‘lsa, o‘sha aktsiyani sotib yuborish kerakligini ko‘rsatadi.

Sirg‘aluvchi o‘rtalik quyidagi ko‘rinishlarda bo‘ladi:

— Oddiy sirg‘aluvchi o‘rtalik (SMA);
— O‘lchamli sirg‘aluvchi o‘rtalik (WMA);
— Eksponentsial sirg‘aluvchi o‘rtalik (EMA);
— Modifikatsiyalangan (boshqa ko‘rinishga o‘tgan) sirg‘aluvchi o‘rtalik (MMA).

Eng ko‘p ishlatiladiganlari SMA (Simple Moving Average) va EMA (Exponential Moving Average) turlari hisoblanadi. SMA bilan hammasi tushinarli bo‘lsa, EMA bilan sal boshqacharoqdir. U oxirgi ma’lumotlarga ko‘proq e’tibor qaratadi. Ya’ni, oddiy sirg‘aluvchi o‘rtalik ma’lum bir muddatning teng birliklarga ajratsa, eksponentsial sirg‘aluvchi o‘rtalik oxirgi kundagi ma’lumotlarga ko‘proq tayanadi. O‘z navbatida uning natijalari nisbatan haqiqatga yaqinroq bo‘ladi.

Sirg‘aluvchi o‘rtalik qanday hisoblanadi?

Keling sodda qilib tushintiramiz. Deylik, sizda do‘kon bor, u 2022 yilning har bir oyida har xil foyda keltiradi. Masalan, yanvar oyida siz shu do‘koningizdan 20 mln so‘m sof foyda oldingiz.

Qulay bo‘lishi uchun quyidagicha tasavvur qilamiz:

— yanvar 20 mln so‘m
— fevral 15 mln;
— mart 12 mln;
— aprel 22 mln;
— may 28 mln;
— iyun 7 mln;
— iyul 14 mln;
— avgust 25 mln;
— sentyabr 19 mln;
— oktyabr 21 mln;
— noyabr 15 mln;
— dekabr 30 mln.

Yil yakuniga kelib sizning sof daromadingizning umumiy qiymati kelib chiqadi. To‘g‘rimi? Shu erda savol tug‘iladi: men har oy o‘rtacha qancha pul daromad qildim? Hisoblashning yo‘li oson: har oylik daromadni qo‘shib, 12 soniga bo‘lamiz. Chunki 1 yilda 12 oy bor.

Qo‘shamiz va bo‘lamiz:

20+15+12+22+28+7+14+25+19+21+15+30=228

228 / 12 = 19 mln

Demak, har oyda o‘rtacha 19 mln so‘m sof daromad olgansiz. Endi, masalan 2023 yilning yanvar oyi boshlandi. O‘sha oyda siz 32 mln so‘m foyda oldiz va bu 13-oy degani. Sirg‘aluvchi o‘rtalik qanday hisoblanadi? Biz oxirgi 12 ta oyni olaveramiz. Ya’ni 2022 yilning fevralidan 2023 yilning yanvarigacha hisoblaymiz. 2022 yilning yanvaridagi 20 mln so‘mni qo‘shmaymiz. Uning o‘rniga 2023 yildagi 32 mln so‘mni qo‘shamiz.

Natijada:

15+12+22+28+7+14+25+19+21+15+30+32=240 so‘m bo‘ladi.

240 / 12 = 20 mln so‘m chiqadi. Sizning o‘rtacha oylik daromadingiz endi 20 mln so‘m bo‘lib qoldi. Huddi shu tartibda hisoblanadi qolgan oylar ham. Mana shu har oydagi o‘rtacha daromad sizning haqqoniy (ruschasiga «chestnыy») o‘rtacha daromadingiz bo‘ladi. Aktsiyalarning ham narxi mana shundey — haqqoniy qilib ajratib olinadi. Sirg‘aluvchi o‘rtalik ham huddi shunaqa haqqoniy narxning ortidan sirg‘alib boradi. Toyib boradi desak ham bo‘ladi. Nomi ham shundan kelib chiqqan.

Haqqoniy foyda tushunchasi

Haqqoniy foyda degani bu o‘rtalangan foyda deganidir. Ya’ni, haqqoniy foyda = o‘rtalangan foyda. Siz aynan shu ko‘rsatkichga qarab borasiz do‘koningizni daromadini hisoblab borasiz. Shuning uchun ham masalan Coca Cola korxonasining aktsiyasini sotib olish oldidan siz uning haqqoniy narxini ko‘rib olishingiz kerak bo‘ladi. Har xil yuqorida aytilgan o‘ynayotgan-sakrayotgan «shovqinlar»ga qaralmaydi. Aynan shu sababga ko‘ra, «skolzyaщaya srednyaya» — «sirg‘aluvchi o‘rtalik» o‘ylab topilgan.

Hozircha sirg’aluvchi o’rtalik nima deganda shularni o‘zlashtirib turing, keyinroq yana bu mavzuga qaytamiz.

Davomi bor …

*****

Agar sizga chuqurroq bilimlar kerak bo‘lsa Toshkentda treyding kurslariga taklif qilamiz.

236 марта ўқилди