«Barselona» — «Atletiko» uchrashuvi shahri

barselona atletiko uchrashuvi

Ispaniya chempionatining 30-turidan o‘rin olgan «Barselona» — «Atletiko» uchrashuvi nihoyasiga yetdi. Unda 1:0 hisobi qayd etilib, kataloniyaliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi. E’tiboringizga mazkur bellashuv sharhini havola qilamiz.

«Barselona» — «Atletiko» uchrashuvi haqida

La Liganing markaziy bellashuvini ko‘pchilik kutdi. Sababi, «Barsa» chempionlik uchun olg‘a qadam tashlab ketayotgandi. Lekin, oxirgi uchta o‘yinda Xavi shogirdlari g‘alaba qozona olishmayotgan. Shuning uchun ham bu safar 3 ochko uchun maydonga chiqishlari talab qilinardi. Ilk daqiqalardan boshlab, maydon egalari hujumga tashlanishdi. Kutilmaganda Buskets o‘z jarima maydonchasida to‘pni oldirib qo‘ydi. Korrea shu zahoti uni Grizmannga tashladi. Antuanning zarbasi darvoza to‘siniga tegib qaytdi. Gollik vaziyat edi, o‘ziyam.

17-daqiqada Levandovski Madrid jamoasining jarima maydonchasiga kirib keldi, Savichni aldab o‘tdi. Kuchli yo‘naltirgan zarbasini himoyachilar qaytarishga muvaffaq bo‘lishdi. 35-daqiqada Karassko to‘pga o‘ynab uni olib qo‘ydi va Grizmannga uzatdi. Fransuz aylangan holatda to‘xtamasdan zarba yo‘lladi, Ter Stegen jamoasini qutqardi.

44-daqiqada hisob ochildi. Rafinya to‘pni o‘ng qanotda qabul qilib oldi va markazga qarab uzatib berdi. Torres uni bamaylig‘otir qabul qilib, burchakka joylab qo‘ydi. «Barselona» olidnga chiqib oldi, 1:0. Birinchi bo‘limga 1 daqiqa qo‘shib berildi va tomonlar tanaffusga chiqib ketishdi.

Ikkinchi bo‘limda yana hammasi boshidan boshlandi. Ikki jamoa ham navbati bilan hujumlarni uyushtirib turdi. 72-daqiqada De Yong — Levandovski — Rafinya triosining hujumi gol bilan tugashi kerak edi, ammo Rafinya zo‘r imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Oradan 1 daqiqa o‘tib esa Grizmanni yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadi. Uning o‘zi sal turib qo‘pol o‘ynadi va sariq kartochka oldi. Mana shu kartochkadan keyin hakam yana 8 marta sariq kartochka ko‘rsatdi. Ular orasida Simeone ham bor. Xullas, «Barselona» nomdor raqibini yengishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘yindan keyin

Madridning «Atlektiko» jamoasi La Ligada oxirgi 33 ta o‘yinda biron marta ham penalti tepgani yo‘q. Bu ular uchun rekord ko‘rsatkichdir. Oxirgi tepilgan 11 metrlik zarba 350 kun avval bo‘lgan. Poytaxtliklar oxirgi oltita o‘yinda g‘alaba qozonishayotgandi.

«Barsa» bo‘lsa so‘nggi to‘qqizta uchrashuvning yettitasida mag‘lub bo‘lmagan. Kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xavi quyidagilarni aytib o‘tdi: «Biz uchun 1:0 hisobi juda yaxshi natija hisoblandi. Har bir o‘yinda shunaqa hisob bo‘lishini istaymiz. Bundan xavotir olayotganim yo‘q. Biz ajoyib sport formasidanmiz».

«Barselona» — «Atletiko» uchrashuvi haqidagi tavsilotlar shulardan iborat.

Qaydnoma bilan tanishing:

Ispaniya chempionati, 30-tur
Barselona — Atletiko 1:0
Gol: Ferran Torres (44).
Barselona: ter Stegen, Kunde, Alonso (Erik Garsiya, 61), Arauxo, Balde, Buskets, de Yong (Kessie, 78), Gavi, Rafinya (Fati, 90), Ferran Torres (Pedri, 61), Levandovski.
Atletiko: Oblak, Molina, Savich, Ximenes, Ermoso (Regilon, 79), Karrasko, Vitsel (Morata, 59), De Pol, Lemar (Saul, 67), Grizmann, Korrea (Barrios, 59).
Ogohlantirishlar: Alonso (28), Buskets (57), Grizmann (75), Rafinya (78), Savich (80), Ximenes (81), Barrios (83), Regilon (84), Morata (86), Gavi (90), Simeone (90), Saul (90), Grbich (90).
«Kamp Nou» stadioni

194 марта ўқилди