«Arsenal» — Angliya Superkubogi g‘olibi

angliya superkubogi g‘olibi

Bu mavsumdagi Angliya Superkubogi g‘olibi uchun bo‘lgan bellashuvda Londonning «Arsenal» hamda Manchesterning «Manchester Siti» jamoalari o‘zaro kurash olib borishdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi. Ammo, penaltilar seriyasida londonliklar 4:1 hisobida g‘alabani tantana qilishdi. E’tiboringizga o‘yin sharhini havola etamiz.

Angliya Superkubogi g‘olibi haqida

Eslatib o‘tamiz, bu bahsda Premer-liga chempioni va Angliya kubogi musobaqasi g‘olibi Superkubok uchun maydonga chiqadi. Agar shu ikki sovrinni (APL va kubok) ham bitta jamoa qo‘lga kiritgan ya’ni «dubl» qayd etgan bo‘lsa o‘sha jamoa APLda ikkinchi o‘rin sohibiga qarshi o‘ynaydi. Xullas, o‘yin «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu safargisi ham bundan istisno bo‘lmadi.

Tomonlar birinchi bo‘limda darvozalarning daxlsizligini saqlab qola olishdi. Ikkinchi bo‘limda ikki klub ham oldinga tashlandi. Birinchi bo‘lib hisobni ochish, «shaharliklar»ga nasib qildi. 77-daqiqada Palmer o‘ziga berilgan imkoniyatdan a’lo darajada foydalanib, «Siti»ni oldinga olib chiqdi. O‘yin taqdiri hal bo‘lgandek tuyuldi, ammo 90-daqiqalar orta qolgan bir paytda «Arsenal» hisobni tenglashtira oldi. Trossard javob golini urib, hisobni durangga olib keldi. O‘sha paytda tabloda 101-daqiqa ketayotgandi.

Keyin esa, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi. Unda poytaxt jamoasining omadi chopdi. «Man Siti» tarkibida Kevin de Bryuyne 11 metrlik zarbani golga aylantira olmadi. Uning bergan zarbasi darvoza to‘siniga tegdi. Yana bir futbolchi Rodrining tepgan to‘pini darvozabon Remsdeyl qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. «Arsenal» tarkibida Martin Edegor, Trossard, Bukayo Saka va Fabiu Vieyralar penaltini aniq ijro eta olishdi.

O‘yingi keyingi ko‘rsatkichlar va statistika

Shu paytgacha mazkur klublarning so‘nggi 8 ta o‘yinida faqatgina «Siti» g‘alaba qozonayotgandi. Oxirgi 5 ta o‘yinda mehmonlar o‘z darvozalaridan o‘rtacha 1,00 ta gol o‘tkazishayotgandi. Aksincha, 1,20 ta gol urishgandi. «Arsenal» bo‘lsa o‘rtacha 1,40 ta gol o‘tkazgan va 2,20 ta gol urayotgandi. Bu jamoalarning oxirgi 20 ta bahsida 3 marta «Arsenal» g‘alaba qozongan, 16 marta «Manchester Siti» yutgan. 1 martagini durang qayd etilgan edi.

Kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvda to‘p bilan muomala qilish 46% ga 54% bo‘ldi, Gvardiola shogirdlari foydasiga. Darvoza tomon ikki jamoa ham 6 martadan zarba yo‘lladi. Shulardan 3 tasi aniq chiqdi. Burchak to‘plari 5 ga 6 ko‘rsatkichda bo‘ldi. Jarima zarbalari bo‘lsa 11 ga 6 nisbatda.

Shu tariqa «Arsenal» — Angliya Superkubogi g‘olibiga aylandi.

Qaydnoma bilan tanishing

Angliya Superkubogi
«Arsenal» — «Manchester Siti» 1:1 (penalti bo‘yicha — 4:1)
Gollar::Trossard (90) — Palmer (77)
Arsenal: Remsdeyl, Uayt, Gabriel (Smit-Rou, 87), Saliba, Timber (Tirni, 76), Parti, Edegor, Rays (Nketia, 81), Xavertts (Fabiu Vieyra, 87), Saka, Martinelli (Trossard, 75).
Manchester Siti: Ortega, Uoker, Stounz, Ruben Diash, Akandji, Kovachich (de Bryuyne, 64), Grilish (Foden, 58), Bernardu Silva, Rodri, Xoland (Palmer, 64), Alvares.
Penaltilar seriyasi: 1:0, 1:1, 2:1, 3:1, 4:1.
Ogohlantirishlar: Parti (8), Arteta (17), Xavertts (27), Alvares (31), Gabriel (66).
«Uembli» stadioni.

485 марта ўқилди