Avstraliyaga qanday ketiladi?

avstraliyaga qanday ketiladi

Avvalgi postlarimda Avstraliya davlati haqida — u yerda o‘qish, ishlash va yashash borasida kengroq ma’lumot qilib beraman, deb va’da bergandim. Lekin, aytiladigan gaplarni 90 soniyaga sig‘dirib bo‘lmasligini bilgach, matn yozib taqdim qilishga qaror qildim. Bir o‘qib ko‘ring, balki ichida sizga kerakli narsalar chiqib qolar. Umuman olganda, o‘zbekistonliklar uchun Avstraliyaga qanday ketiladi degan savolga javob mavjud va uni amalga oshirsa bo‘ladi. Demak, boshlaymiz …

Avstraliyaga qanday ketiladi mavzusi haqida

Allohning inoyati va ne’mati tufayli 2015 yilda Avstraliya davlatida bo‘lgandim. Vizani Moskva orqali olgandim. O‘shanda manga «Hattoki, Avstraliya davlatini ustidan parvoz qilinsa ham viza olish kerak» deyishgandi. Ya’ni, mamlakatga kirish uyoqda tursin, ustidan uchib o‘tsangiz ham viza kerak, deb ta’kidlashgan. Garchi, qo‘limda AFC tashkilotining taklifnomasi bo‘lgan bo‘lsa ham.

Men Sidney, Brisben va Melburn shaharlarida oz fursat yashab, u yurtning sir-sinoatlarini imkon qadar o‘rgandim. Shubhasiz, bu o‘lka Yevropaning mana-man degan davlatlarini ortda qoldira oladi. Hayot tarzi, madaniyati, odamlarini samimiyligi, sog‘lom turmush tarzi dunyoda yetakchi o‘rinlarda ekanligini bilganmiz. Ayniqsa sportga va badantarbiya mashqlariga bo‘lgan e’tibori jahonda birinchi o‘rinda turadi. Tozalik, saramjonlik va ko‘ngil xotirjamligi bo‘yicha ham ular yetakchidir.

Avstraliyaga oxirgi 30 yil ichida odamlar quyulib oqib kelmoqda va shu joylarni maskan qilib, qolib ketmoqda. Chunki, bunaqa shart-sharoitlarni boshqa joylardan topish amri-mahol. Bu davlat o‘zining iqtisodiy qudrati va yashash darajasi bo‘yicha 200 dan ortiq mamlakatlar orasida 3-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Avstraliya jamiyati juda keng madaniyatlardan iborat va ochiqdir. Ularning tarixiga qaraydigan bo‘lsangiz, doimiy ravishda odamlarning immigratsiya qilib kelayotganlarini ko‘rasiz. Ular bu yurtga o‘z madaniyatlari haqida aytishga va bunga munosib hissa qo‘shish uchun kelganlariga tushinasiz. Shuning uchun ham bu o‘lkaga kelgan odam o‘zini chet el fuqarosidek his qilmaydi. Tezda ko‘nikib ketadi.

Avstraliyaga ketish quyidagi omillarga ko‘ra qiziqdir

Yiliga o‘rtacha 150 ming odam Avstraliyaga doimiy yashash uchun ko‘chib keladi. Agar statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, har to‘rtinchi avstraliyalik fuqaro chet elda tug‘ilgan. Bu ko‘rsatkich borgan sari ortib bormoqda. Aholisi juda yosh hisoblanadi, o‘rtacha yoshi — 37 ni tashkil qiladi. Iqtisodiyoti bo‘lsa anchadan beri mo‘tadil rivojlanishda davom etmoqda. Ingliz tilisida ozgina farq bor, lekin u yerga borganlar tezda ko‘nikib ketishadi.

— ijtimoiy himoyaning yuksak darajadaligi;
— bepul meditsina borligi;
— nafaqa va pensiyalarning yuqoriligi;
— yangi borganlarga ko‘p ham pul ketmasligi;
— migratsion jarayonlarga uzoq vaqt ketmasligi;
— 4 yil ichida fuqarolikni olish imkoni borligi;
— sog‘lom turmush tarzining yuksakligi;
— va hokazo.

Mana shu va boshqa sabablarga ko‘ra, minglab odamlar kengurular yurtiga shoshiladi. Oylik maoshlar ham raqobatbardosh hisoblandi.

O‘zbekistondan Avstraliyaga ketishning yo‘l-yo‘riqlari

Bu davlatga borishning bir nechta qonuniy yo‘llari mavjud. Kimga qaysi biri ma’qul kelsa o‘shanisini tanlashi mumkin. O‘zining vaziyatidan kelib chiqqan holda.

Demak:

— o‘qishga ketish orqali;
— biznes qilish maqsadida;
— turmush qurish — nikoh vizasi orqali
— professional immigratsiya;
— insonparvarlik dasturlari orqali
— qochoq bo‘lib ketish.

Eng tez ketish yo‘li bu — professional immigratsiya dasturi. Agar siz biror bir sohani juda yaxshi mutaxassisi bo‘lsangiz ishchi viza olish uchun ariza berasiz. Shunda sizni Avstraliyadagi ish beruvchining homiyligi shart bo‘lmaydi. Bu dastur mamlakatning o‘ziga ham qiziq. Ular ataylab kuchli iste’dod egalarini o‘zlariga jalb qilishadi. Ularning tilida SOL deb ataladi. Ya’ni ma’nosi — eng ko‘p talabga ega ish o‘rinlari deganidir.

Avstraliyada ishchi vizalar bir necha toifalardan iborat.

Ular:

— 189 sinf ostidagi doimiy viza. U mustaqil ariza beruvchilar uchun;
— 190 sinf ostidagi doimiy viza. Shtat va hududning qo‘llab-quvvatloviga bog‘liq arizachilar uchun;
— 489 sinf ostidagi muddatli viza. Shtat va hududning qo‘llab-quvvatloviga yoki homiylik qiluvchi qarindoshlari bor arizachilar uchun.

Ariza beruvchi shaxs o‘zining 18 yoshga to‘lmagan farzandlarini ham kiritishi mumkin. Bundan tashqari, 18 yoshdan oshgan va ota-onasiga bog‘liq bo‘lgan farzandlar, turmush o‘rtoqlarini ham qo‘shishi mumkin. Ularga quyidagi talablar qo‘yiladi:

— yosh 50 gacha bo‘lishi kerak;
— ingliz tilini bilishi va IELTS sertifikati (kamida 6 ballik) bo‘lishi shart;
— SOL va CSOL ro‘yxatiga kiruvchi kasb egasi bo‘lishlari;
— qobiliyatini Avstraliya tomonidan tsdiqlashlari kerak. Ya’ni imtixondan o‘tganligi haqidagi tasdiqnomasi bo‘lishi;
— SPID, tuberkulez kasalligi bilan chalinmagan bo‘lishi;
— sudlanmagan bo‘lishi;
— davlat bojini to‘lagan bo‘lishi kerak.

Avstraliyaga ketish yo‘llaridan biri biznes-immigratsiya

Ha, agar siz iqtidorli tadbirkor yoki Avstraliyaga pul tikishni istayotgan investor bo‘lsangiz maxsus dastur orqali viza olishingiz mumkin. Ya’ni, bu davlatga siz noldan pul tikasiz yoki ishlab turgan korxonaga investitsiya olib kirasiz. Shu bilan birga, davlat toashkilotiga ham mablag‘ tikishingiz mumkin. Bunday holatlarda yoshning chegarasi yo‘q.

Biznes-immigratsiya vizasini olmoqchi bo‘lganlarga avvaliga 4 yillik vaqtinchalik 188 sinf osti vizasi beriladi. To‘rt yil o‘tgach, u 888 — doimiy vizaga almashtirib beriladi. 132 sinf osti viza esa «biznes iqtidorlar»ga beriladi.

Nikoh holati bo‘yicha immigratsiya qilish mumkin. Buning uchun erkak yoki ayol o‘sha davlat fuqarosi bo‘lishi shart. Yoki Yangi Zelandiya fuqarosi bo‘lsa ham yetarli bo‘ladi. Insonparvarlik dasturi bo‘yicha ham Avstraliyaga ketish mumkin. Bu toifa ikkiga bo‘linadi. Birinchisi — qochqin bo‘lsa, unga manzil-makon beriladi. Ikkinchisi — Avstraliyadan tashqarida yordamga muhtoj insonlar uchun taqdim etiladi.

Endi o‘qishga borish haqida to‘xtalib o‘tamiz. Aslida unga to‘xtalish ham shart emasdi. Chunki, bu mamlakatda maktabda 12 yil o‘qiladi. Shuning uchun agar Oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi bo‘lsangiz, avval u yerda 12-sinfni bitirib olish kerak. Ularning tilida Foundation deyiladi, o‘shani o‘qish kerak. Keyin Universitetlarga qo‘yishadi.

Ko‘rib turganigizdek, mana shular Avstraliyaga qanday ketiladi degan savollarga qisqa javob ma’lumotlar edi.

Batafsil: mening Instagram sahifamda

521 марта ўқилди